maɪ ˈgrændædz dua

download

20.01.2015

“Welcome to the board of National Express. The coach is heading from Cardiff to London Heathrow Airport…” (Avtobus haydovchisi o’z e’lonini boshlab ketdi, meni qulog’imga esa uning gaplari kirmayotgandi…)

Mana o’sha kun ham keldi, ketayapman… Tushunarsiz hislar qamrab olgandek go’yo… Inoq bo’lib ketganim qadrdonlarim ortda qolmoqda… Avtobusni har svetaforda qizil chiroqqa tushayotganligidan xursandekman, yana bir necha soniyalarga ko’proq ko’rayapman ushbu shahar ko’chalarini.  Yomg’ir ham shivalab men bilan xayrlashayotgandek… Ha…Barchasi uchun raxmat, xayr!… Yo’q, yo’q ko’rishguncha, Kardiff!

Mana o’sha kun ham keldi, ketayapman…Sog’inganlarim, kutganlarim bag’riga, diydor yaqin… Atigi bir necha soatlar ayirib turibdi xolos, keyin bu uzoq ayriliq barham topadi. Ana shunday bir biriga qarama qarshi ikki turdagi hislar qurshovida ketayapman. Lekin, kechagi suhbatdan keyingi yuragimdagi g’ashlik hali ham turibdi… Men ketayapman, ammo g’ashlik ketmayapti… Keling, bir boshidan aytib beray.

19.01.2015

Yanvar oyida ko’pchilik kursdoshlarimiz, do’stlarimiz dissertatsiyalarini topshirib o’z yurtlariga jo’nab ketayotgandi. Bugun men ham topshirdim, xudoga shukur, huuuh. Ertaga esa jo’nab ketaman. Shu bois xayrlashuv kuni edi bugun. Hammamizning uyimizga yaqinroqda joylashgan bir Xitoy tamaddixonasiga kirdik. Seni davlatingda dengiz mahsulotlari kam bo’ladi to’yib yeb ol deyishib, faqat dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar buyurishdi. Yedik, ichdik, xazil-huzul, o’tgan qiziq voqealar, xotiralar yodga olindi. Hammasi kutilgandek ajoyib o’tayotgandi. Shunda boshimga bolg’a bilan tushurgandek,  hali yuklarimni o’nglamaganligim esimga tushib qoldiyu, ko’zlarim kosasidan chiqqudek “oh, shiiiit” deb yubordim (ma’zur tutasiz, barini o’zidek yozayapman). Baxtimga do’stlarimdan biri yordamga boradigan bo’ldi.

Kelishda 20 kilolik yuk bilan kelgan qizning narsalari endi 3 ta so’mkaga ham joy bo’lmayotgandi (shopping o’lsin-a). Ikkimizni ham qo’limiz ham tilimiz tinmasdi. Gap borib borib Falastin Isroil mojarosiga ulandi (ma’lumot uchun: do’stim falastinlik).

–         Bilasanmi, kichikanaligimda esimni taniganimdan televizorda yangiliklarda G’azo mojarosini eshitaman. O’shanda o’ylardimki, nega shular kelishib, shu talashayotgan yerini o’rtasidan bo’lib olishmaydiykin-a deb. Kattaroq bo’lgach bu aytilganchalik oson ish emasligini tushunib yetdim. Nima deb o’ylaysan kuni kelib bari tinib ketarmikan?

U jilmaydi. Keyin bir muddat jim qoldiyu, gap boshladi:

–         6 yoshlik jiyanim bor, har kuni dadasini kutadi. Mendan so’raydi: “bugun Karim amaki qamoqdan chiqibdi, meniyam dadam chiqadilarmi? Hamma dadalar bir kunda chiqishadi-a? Keladilar-a bugun dadam, ayting!…” Unga yana bir yolg’on to’qib aldashdan ko’ra, yer yorilsayu kirib keta qolsam… Akamni qamoqqa olib ketishganda kelinoyim xomilador edilar, sho’rlik jiyanim dadasini ko’rmagan hali.

(Bo’g’zimga nimadir tiqilgandek bo’ldi)

–         ….    U…lar nega qamoqdala…r?

–         Vatanini himoya qilgani uchun… Kuni kelib tinib ketarmikan deb so’rading-a? Bilmadim, to’g’risi bilmadim. Oddiy misol jiyanim otasiz yuragini tubida alam bilan o’sayapti. Alam adovatga aylanmasa deb qo’rqaman. Bunaqa qalbi alamli bolalar ko’p, oilalar ko’p. Zanjirdek tortib ketaveradigandek… bari tugamaydigandek…

–         Lekin bunday yashab bo’lmaydiku axir?! Tokaygacha bunday davom etishi mumkin? Yaqinlarining bevaqt o’lib ketishlaridan qo’rqishmaydimi?

–         Qo’rqish… yo’q qo’rqishmaydi. Masalan, men haqiqiy portlovchi bomba yoki shunchaki qo’rqitish uchun tashlashgan bombalarini hididan farqlay olaman, shunga qarab chora ko’raman. Ularning hujum qilishlaridan ko’ra bunaqa soxta hujumlari ko’p. Doimiy tazyiqda tutib turish uchun, tahlikani ko’lanka qilish uchun…

Men xuddi kino ko’rayotgandek edim. Otishmalar, portlashlar, jasadlar… xuddi bular faqat kinolarda bo’ladigandek, hayotda bo’lishi g’ayritabiiy, tasavvurimga sig’mas edi. Film yoki yangiliklarni ko’rish boshqa, yaqin do’stingiz har kuni shundayligini aytib tursa… vatanining sarhadlari boshqa millat askarlari tomonidan qo’riqlansa,  o’z yurtining ichida har qadamda tekshiruv postlarida tintuvdan o’tib yursa, doimiy hadik, qo’rquv…

Ukrainalik (qrimlik) do’stimning gapi yodimga tushib ketdi: “I want that morning when you can wake up without checking the news, because you know that everything is OK” (Shunday tong kelishini xoxlardimki, yangiliklarni o’qimasdan ham uyg’onolsang, hammasi joyida ekanligini bilsang).

Men o’z o’ylarimga u esa o’z o’ylariga cho’mib ketibmiz, jimlikni birdaniga bir ovozdan “kel, boshqa narsalar haqida gaplashaylik” deganimiz buzib yubordi…

Avtobus shahar tashqarisiga chiqdi. Kardiff ortda qoldi… Tez orada ham ingliz ham uelscha yozuvdagi yo’l belgilari tugab, faqat inglizchadagilari chiqa boshladi. Anglya hududiga kiribmiz demak… Men hali ham ayqash-uyqash xayollar, o’ylar og’ushida ketayapman… Avvallari bobomning duolarida tilga olinadigan “yurtimizda tinchlik bo’lsin, osmonimiz musaffo bo’lsin” degan iboralari “boshing toshdan bo’lsin bolam, martabang baland bo’lsin” va hokazo niyatlari kabi men uchun duo qilinganda aytilishi zarur bo’lgan gaplardek tuyulardi… Hozir har aytgan so’zlari zamirini haqiqatda anglab yetgandekman. Faqatgina endi men duo qilsam  “butun dunyoda tinchlik bo’lsin, osmonimiz musaffo bo’lsin”, deb niyat qilaman…

Advertisements

3 thoughts on “maɪ ˈgrændædz dua

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s