aɪ bɪˈlɒŋ

 

IMG_0999

Daraxt meva yoki shoxlari bilan emas, chuqur ildizlari bilangina mustahkam turadi.

Anthony Liccione

Nafaqat daraxt balki har turli o’simlik ham o’z ildizi bilan mustahkam. Lekin shunday bir o’simlik borki, u ildizsiz, yumaloq bo’lib olib yumalab ketaveradi-ketaveradi…Shamol qay tarafga essa o’shayoqqa yumalaydi, muqim turmaydi, turolmaydi.Chunki uni tutib turguvchi ildizi yo’q. Bu yumalagichning rus tilidagi nomi “перекати поле” (inglizchada: tumbleweed). Hayron bo’lmang bugun Sizga botanikadan o’simliklar haqida aytib bermoqchi emasman. Aksincha, yer yuzidagi shu tumbleweedga o’xshagan insonlar haqida aytib beraman.

Fuqarosizlik  degan tushuncha  haqida  eshitganmisiz?  Keling  bugun  shu  haqida  ozgina  bilib  olaylik… Fuqarosizlik- bu Siz  tug’ilgansiz-u, ammo hech qayerga, hech qaysi davlatga  ta’luqli emassiz degani. Go’yoki kosmosdan  yerga tushib qolgansiz :). Yashab yurgan yeringizda ildiz otib ko’karib keta olmaysiz. O’zi fuqaroligingiz yo’q , yana nega bundayligini hamma yerda tushuntirib, izohlab yurishingiz kerak.  Kassa xodimidan tortib to eshik qorovuligacha izoh so’raydi. Barcha  fuqarolardek ko’p narsalarga haqqingiz bor, lekin doim haqqingiz borligini “isbotlashingiz”, “tushuntirishingiz” kerak. O’qishmishli, dunyoqarashi kengroq insonlar tushuntirishlaringizni tushunishadikuya, ammo tor fikrlaydiganlar undanda ko’proq, ularni qarashlariyu muomalasidan o’zingizni uchiga chiqqan jinoyatchi yoki OITSga chalingan insondan kam his qilmaysiz. Fuqarosizligingizni eshitishgandagi ularning nazarlari, nigohlari, tund qiyofalari va ketma-ket yog’iladigan savollar… kimligingiz… qayerda tug’ilganligingiz…yetti pushtingiz… nima ish qilishingiz… nimaga fuqaroligingiz yo’qligi… va hokazo va hokazolar ensaxonangizniyam charchatib yuboradi.

Fuqarosizlik bu- barcha kursdoshlaringiz milliy bayram tantanalarida yordamchi raqqosa sifatida qatnashishga chaqirilsa-yu, Siz ro’yxatdan tushib qolishingiz,  musiqaga mos ravishda qo’lingizni uyondan buyonga tushirib turishga ham noloyiq deb topilshingiz.  Fuqarosizlik bu- universitetni a’lo baholarga tugatasiz, mashaqqatlarla xorijda tahsil olish uchun ta’lim granti yutasiz, magistraturani ajoyib orzularla tamomlab yurtingizga qaytasiz, orzuyingizdagi tashkilot muttasaddilari ishga kirish chog’idagi suhbatlarda bilim-u ko’nikmalaringizga maqtovlar yog’dirishadi, bunday yoshlar borligidan faxrlanishlarini aytishadi. Rasmiylashtirish chog’ida esa xodimlar bo’limi xodimi hujjatlaringizni ko’rib “uzr, Sizni ishga ololmas ekanman” deydi, chunki fuqaro emassiz, tegishli davlat tashkilotlarida ishlayolmaysiz.

Sayohat qilish esa qo’rqinchli tush kabi. Bir amallab hujjatlashtirishning hamma bosqichlaridan o’tib borib kelolsangiz xo’bu-xo’b. Borayotgan davlatingiz Sizni tan olmay tursa, taqdiringizga kulib qolaverasiz. Xullas,bunaqa  qiziq  voqealar ko’plab bo’lib turadi…

Balki, Sizda ham hozir savollar paydo bo’lgandir nega bunday, bu holat aslida qanday yuzaga keldi qabilida. Mana javobi:

Sobiq Ittifoq davrida ittifoqdagi mamlakatlar aholisi o’ziga qo’shni bo’lgan yoyinki ittifoq tarkibidagi istalgan boshqa mamlakat oliygohida tahsil olishi odat tusiga kirgan edi. 80-yillarning oxirlariga kelib uning otasi ham qo’shni mamlakatdan O’zbekiston oliygohiga hujjat topshirishga keldi va talabalar safiga qo’shildi. Universitetni tamomlab,shu yerda ishga qoldi .Yillar o’tdi va bu orada Sobiq Ittifoq parchalanib ketdi. Dastlabki yillardanoq siyosiy jihatdan muhim o’zgarishlar yuzbergan bo’lsa-da, mamlakat aholisi ro’ybergan o’zgarishlarni to’laqonli anglab yetmasdi. Chunki zanjirdek bir-biriga puxtalik bilan bog’lab qo’yilgan ittifoq iqtisodiyoti qulagan edi. Endilikda harbir mamlakat o’z iqtisodiyotini mustaqil ravishda qayta qurishi lozim va bu albatta bosqichma-bosqich amalga oshardi. Oddiy aholini kundalik tashvishi esa ro’zg’or tashvishi, oilasini inqiroz davrida iloji boricha och-nochorlikdan saqlash edi. Shu jumladan, uning oilasi ham moddiy muammolar domida edi, huquqiy masalalar, qayta ro’yxatdan o’tish-u, fuqarolik masalalari haqida hechkim ta’kidlamas, ular ham o’ylamas edi. Asta sekin hayot farovonlasha, iqtisodiyot ham barqarorlasha boshladi. Ana endi birlamchi ehtiyojlardan ortib, boshqa masalalar haqida ham qayg’ursa bo’lar edi. Ammo, bari besamar ketdi, boshqa respublikada tug’ilganligi va yana boshqa mayda omillar ularni huquqiy jihatdan fuqaroligi yo’q shaxsga aylantirib ulgurgan edi. Talab etilgan barcha hujjatlar mashaqqatlar bilan to’plandi, fuqarolik olishga ariza topshirildi va javob kutildi… kutildi… hamon kutilmoqda…

IMG_0997

Xulosa qilib aytganda, u “jismonan mavjud” huquqiy jihatdan esa yo’q. Demakki, o’zini to’laqonli ma’nan mavjud deb his etolmaydi. U istardiki to’laqonli mavjud bo’lsa, men “shu yerga tegishliman” deyolsa. U istardiki butun mamlakatdagi, yo’q-yo’q butun yer yuzidagi bunday shaxslarni huquqiy jihatdan ham shaxs sifatida “tan olishsa”, ular ham qayergadir tegishli bo’lishsa, ular ham yashashsa, o’zlarini to’laqonli shaxs sifatida “namoyon etsa”, majburiyatlari bo’lsa, haq-huquqlari bo’lsa, o’zlarini kerakli shaxsdek his etishsa… haa… u buni juda ham istardi…

#Ibelong #endstatelessness

Blogpostni yozishda UNHCRning kanalida keltirilgan  hayotiy hikoya ma’lumotlaridan ham foydalanildi.

Postdagi rasmlar internet manbalaridan olindi, xususan ikkinchi rasm UNHCRga tegishli.

Advertisements

3 thoughts on “aɪ bɪˈlɒŋ

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s