Aɪ wɪʃ aɪ hæd siːn juː

15.05.2015  Juma tonggi 8:38

Bugungi to do listimni endigina yugurish, dush qabul qilish va nonushta qismi o’chirilib hali ro’yxatning aksar qismi turibdi va birma- bir o’chirila boshlanishi kerak. Ammo lekin laptopimni yoqdim-u sichqoncha ish stolidagi English  folder o’rniga MenSenvaUlar ustiga ikki marta bosildi. Odatda tunda nimadur yozgim kelardi bugun ertalabdan bu hol:

New-

Create-

Microsoft Word Document-

Rename-

New Microsoft Word Document-   –

I wish I had sin yu

Ha…  Seni ko’rganimda edi… Aslida bu voqea bir necha yil oldin sodir bo’lgan. Lekin aynan bugun yana esimga tushdi…

25.01.2011  18:45 (taxminan, aniq esimda yo’q)

Kun burmuncha kalta bo’ladigan qish kunlari, allaqachon qorong’u tushgan. Semestr oxiri, sessiya payti va men endi institutimiz ortidagi bekatdaman. 2- avtobus ham hayyalamay kela qoldi, orqa eshigidan chiqdim, bo’sh o’qindiqlardan biriga o’tirdim. Odatdagidek avtobus oynasidan kechki Toshkentni kuzatib ketmoqchi edim, lekin avtobus o’rtasida, o’rindiqlar tugab tik turib ketish uchun mo’ljallangan joyda turgan bola diqqatimni tortdi. Menga nisbatan uning yuzi 120-140 Gradus burchakda turardi, teskari bo’lib teskari emas, yonmachakka bo’lib yon emas. Ne holki, bu Sen eding. Nahotki… Sen… Lekin bo’lishi mumkinmas.

Ichimda bir Dilrabo tur o’rningdan borib qara derdi…

Yana biri san qiz jinnimisan, bu boshqa. Borib yuziga qaraysan, keyin nima deysan, uzrmi?!

Xullas, shu ikta Dilrabo 5 daqiqacha tortishaverdi, unisi u dedi, bunisi bu dedi ( O’zi ko’p shunaqa qilaverishadi). Voo, Bingo! Aqlimga kelgan fikrdan sevinib ketdim, ikta maslahatchi Dilrabolar jimib qolishdi. Murosa yo’li tanlangan edi. O’rnimdan turdimu avtobus oldiga qarab yurdim. Meni ayblayotgan Dilraboni jag’i ochildi: “ axmoq qiz, qayt orqanga!”. “Sen”ining yoningdan o’tayapman… Ko’z qirimni tasholmadim, jur’atim yetmadi.  Aslida, yo’nalishida qaysi daraxtdan o’tganda qaysi stalba kelishi yod bo’lib ketgan avtobus konduktori oldiga borib, 2 bekat naridagi Efendi restoraniga qachon kelishimizni so’radim. Va tabiiyki, u yana ikki bekat borligini aytdi. Turibman… bilmayman nechta stalba, nechta daraxt ortda qoldi, Efendi yaqin… nihoyat o’grilib Senga  qaradim, Sen  emasding, Senga o’xshar ekan anchayin…

Bog’zimga nimadur tiqildi, Efendiga keldik, tushdim, bekatda hech kim yo’q. Men yig’ladim. Ko’zimda ko’z yoshim qurib qolib to’xtadimmi, yoki hayol surishni boshlab ovundimmi, bir qarasam endi  jilmayyotgan edim… o’sha  so’nggi kunni eslab:

08.07.2007 14:15 (taxminan, aniq esimda yo’q)

Qashqadaryoda joylashgan posyolka. Bir necha kunga  mehmonga borgandim. Azbaroyi tush payti uxlashni yoqtirmaganimdan ( jaziramda uxlashdan boshqa ish qilib bo’lmaydi, naq cho’l joy)xolamning ertalab qilgan iltimosi bo’yicha dugonalarinikiga ketdim. Jazirama. Issiq shamol.  Ko’chada hech kim yo’q. Yaqinda tiktirilgan ko’ylagim  etagidagi parparaklari shamolda o’ynashidan, basanochkam yangiligidan ilhomlanib, o’zimcha xursand muqomlab nag’ma qilib yurib ketayotgandim. Yonimdan shuv etib Nexia o’tdi, o’tayotib ichidan qora ko’z oynak taqqan bola bir nimalar deb baqirib xushomad qilib o’tdi. Xo’mrayib ketaverdim (ichimda ishqilib nag’ma qilishni oshirvormaganmidim? yaxshigina kuldiyov). Mashina 100 metrcha o’tib ketgandan keyin shunaqangi kuchli tormoz ovozi eshitildiki, cho’chib tushdim. Endi orqaga yura boshladi. Men  joyimda to’xtab qoldim, qo’rqib ketdim (ichimda bir nima dedim yo deyishga ulgurmadim).

Sen kulib qarab:

-Salom, Dilrabo. Men esa (o’sha romantik kitoblardagi tariflardagi holatda: yurak tez urishi… hayajon…), xullas shokka tushdim.

Sa…lo..m (menimcha oxiridagi m eshitilmadi, yoki butunlayin so’zni o’zi eshitilmadi).

  • Qachon kelganding?
  • …. 2 kun bo’ldi.
  • Qayerga ketyapsan? O’tir oborib qo’yaman.
  • ….

 

Mashinangning orqa o’rindig’iga o’tirdim. Bokovoydan qarab  bir nimalar so’rarding… gapirarding (yaxshimanmi, nimalar qilayapman, qachon ketaman, sinfdoshlar haqida va hokazo).

 

Aniq esimda yo’q har holda  men ham gapirgandim. Savollaringga javob berayotgan edim shekilli. Yana ham kelishgan bo’lib ketibsan, bo’ying ham ancha o’sgan. Tabassuming o’sha-o’sha… To’rt yil bo’libdi-a  Seni ko’rmaganimga…

Hozir juda- juda afsuslanaman, o’shanda istalgan bir uzoqroq manzilni aytmaganimga… Yeldek haydaganingdan, borishim kerak manzilga zumda yetib qoldik. Mashinangdan yerga tushmadim, go’yo ko’kka uchdim… Men shunchalik xursand edimki…

Xolamni dugonasinikidan chiqib toki xolamnikiga kelguncha orqamga qarab qarab qo’yardim, shu atrofdan yana qayta o’tib qolsang deya… O’tmading… Men Seni qayta ko’rmadim… Ha, ko’rmadim Seni!

 

Meni kechir hali ham Seni ziyorat qilmadim, qabring qayerda ekanligini ham bilmayman…

Ha yana, men shu kunlarda ko’p o’ylayapman… Kechir, Sen haqingda emas…

Stol ustiga tomchilar toma boshladi…

Sichqoncha ekran tepasining o’ng burchagiga bordi X

Want to save changes to   I wish I had sin yu?

Save     Don’t Save     Cancel

 

Sichqoncha shu uchchalasi atrofida 3-4 marta borib keldi… Qaysi biri tanlaganligi esa Sizga ma’lum, aziz o’quvchim…

Advertisements